Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablariga kirish imtihonlari ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda matematika fanidan test topshiriladi.
30 ta topshiriqdan iborat 90-daqiqalik test savollari beriladi.
Bu bosqichdan o‘tgan har bir o‘ringa 20 kishi hisobidan maksimal talabgorlar 2-bosqichda qatnashadi (masalan – Namangan shahri maktabining har bir sinfiga 480 talabgor (24 o‘rin * 20 talabgor) qatnashishi mumkin).
Ikkinchi bosqichga o‘tgan talabgorlar:
- axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha – 16 ta masala;
- mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan – 24 ta masala;
- ingliz tilidan – 55 ta test topshiradi.
4- va 5-sinf o‘quvchilari uchun talablar: 4- va 5-sinfga topshirayotganlar to‘plagan ballarining asosiy qismini (80 foizini) tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilim (IQ tests) testlari orqali yig‘adi.
Qolgan 20 foiz ingliz tili faniga to‘g‘ri keladi.
Shu bois nomzodlar ingliz tilidan mukammal tayyorgarlikka ega bo‘lmay, tanqidiy va mantiqiy fikrlash qobiliyati yaxshi rivojlangan bo‘lsa ham, Prezident maktablariga qabul qilinish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Nomzodlar istagiga ko‘ra ushbu yo‘nalishdagi imtihon savollari ingliz tilida emas, davlat tilida berilishi mumkin.
6-, 7-, 8-, 9-sinf o‘quvchilari uchun talablar: yuqori sinflarda ingliz tilining ahamiyati 40 foiz bo‘lib, tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlar 60 foizni tashkil etadi.
Bunday talab qo‘yilganining asosiy sababi Prezident maktabining yuqori sinf o‘quvchilari xorijlik o‘qituvchilar o‘tadigan STEAM-fanlarni o‘rganish uchun yetarli salohiyatga ega bo‘lishi zarur.
O‘quvchi xohishiga ko‘ra tanqidiy fikrlash va mantiq bo‘yicha imtihonlarni ingliz tilida ham topshirishi mumkin.
- Kirish imtihonlari 2-bosqichining natijalariga ko‘ra bir xil ball to‘plagan talabgorlar soni belgilangan qabul kvotasidan ortib ketgan taqdirda, qabul komissiyasi va ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha topshiriqlar beriladi.
Maktablarga ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, 4-sinf bitiruvchilari mantiqiy fikrlash testlari natijasiga ko‘ra qabul qilinadi. Faqatgina birinchi 2019/2020-o‘quv yilida Prezident maktablarining har biriga 5 – 10-sinflarga 144 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi.
Prezident maktabiga yiliga 24 tagina o‘quvchi qabul qilinadi, ular ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan taqsimlanadi.
Prezident maktablarida ta’lim STEAM (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi asosida ingliz tilida beriladi.
Bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, attestat) bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish imkonini taqdim etuvchi diplom (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) beriladi.
Ta’lim bepul, o‘quvchilar bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan ta’minlanadi.
Ilk Prezident maktablari Toshkent, Nukus, Namangan va Xivada 2019-yilda, respublikaning boshqa hududlarida esa 2020- va 2021-yilda ishga tushiriladi.